Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Uzbekistan Airports” Xalqaro aeroportlar kengashiga a’zo bo‘ldi

Chop etish Sahifani ulashish
25.01.2021 5113 Yangiliklar

 

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati butun jahon aeroportlarini birlashtirgan Airports Council International (ACI) tashkilotiga rasman a’zo bo‘ldi.

O‘zida 670 a’zoni birlashtirgan “Xalqaro Aeroportlar Kengashi” (ACI) 176 mamlakatdagi 1 ming 979 ta aeroportga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. ACI shuningdek Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA), Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO), Fuqaro aviatsiyasida aeronavigatsiya xizmatini ko‘rsatish tashkiloti (CANSO) bilan ham hamkorlik qilib keladi.

“Uzbekistan Airports” AJ rahbariyati ACI bilan boshlangan onlayn muloqotlar 2020 yilning oxirlarida nihoyasiga yetdi.

Muloqotda O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida parvozlar xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, havo darvozalarini dunyo talablari darajasida modernizatsiya qilish, parvozlar ko‘lamini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomonidan tashkilotga taqdim qilingan hujjatlar bir ovozdan ma’qullandi. A’zolik talablarini bajarish va galdagi vazifalar yuzasidan fikrlar tinglandi. O‘z navbatida kelgusi rejalar ham belgilab olindi.

“Uzbekistan Airports” AJning Xalqaro Aeroportlar Kengashi tarkibiga qabul qilinishi tizimli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi shubhasiz.

A’zolik avvalo xizmatlar ishonchliligini kafolatlaydi. Qolaversa, mamlakatda havo transporti tizimini tubdan isloh qilish, soha faoliyatini xalqaro me’yorlarga tenglashtirish, sayyohlikni rivojlantirish, investitsiyalar oqimini jadallashtirishda ACI xizmatlariga tayaniladi.

Umuman olganda, har qaysi davlatning aviatsiya sohasida aeroportlar manfaatlari ifodalangan siyosatni ilgari surish, aviasanoatni yangi hamkorlar, ishonchli sheriklar ko‘magida taraqqiy ettirish va barqarorlikni ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan olib qaraganda, “Uzbekistan Airports” AJning Xalqaro Aeroportlar Kengashi ro‘yxatidan munosib o‘rin egallagani O‘zbekiston aviatsiyasi sohasida muvaffaqiyatlar sari qo‘yilgan navbatdagi qadam deyish mumkin.