O‘zbekiston Respublikasi bilan Qatar davlatining fuqaro aviatsiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yil 6-7 aprel kunlari Toshkentda ikki davlat Aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokarada Qatar davlati Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “O‘zaviatsiya” agentligi hamda tomonlarning tayinlangan aviakompaniyalari “Uzbekistan Airways” AJ va “Qatar Airways” aviakompaniyasi vakillari ishtirok etishdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, havo qatnovi to‘g‘risidagi ikkitomonlama hukumatlararo bitim loyihasi bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish, “Uzbekistan Airways” va “Qatar Airways” aviakompaniyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra Bitim loyihasining yakuniy matni hamda Uzbekistan Airways va Qatar Airways o‘rtasida "Kod-sher" tijoriy bitimi asosida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar beshinchi havo erkinligi huquqini qo‘llagan holda ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini har tomonlama muhokama qilish maqsadida Qatar tomonining taklifiga ko‘ra ikki oy muddat ichida navbatdagi muzokaralarni Doxa shahrida o‘tkazishga kelishib oldilar.