O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida Rossiya davlatidagi yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik! “Voljskiy - Toshkent” hamda “Tolyatti - Toshkent” yo‘nalishlarida yo‘lovchi poyezdlarining maxsus reyslari yo‘lga qo‘yiladi!
Pandemiya davrida Rossiya davlatida qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga olib kelish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Voljskiy - Toshkent» yo‘nalishida 483-sonli yo‘lovchi poyezdining maxsus reysi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur poyezd 2021 - yil 27 - avgust kuni soat 20:57 da «Voljskiy - Toshkent» yo‘nalishida harakatini amalga oshiradi.
Shuningdek, 30 - avgust kuni «Tolyatti - Toshkent» yo‘nalishida 446-sonli yo‘lovchi poyezdining maxsus reysi yo‘lga qo‘yiladi. Bu poyezd Tolyatti vokzalidan soat 12:35 da jo‘naydi.
Mazkur poyezdlarga faqat bir tomonga, yaʼni «Voljskiy-Toshkent» hamda «Tolyatti-Toshkent» yo‘nalishlariga chiptalar sotiladi. Yo‘lovchilarga chipta xarid qilishda qulaylik yaratish maqsadida chiptalarni elektron tarzda sotish yo‘lga qo‘yilgan. Rossiyadagi fuqarolarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining e-ticket.railway.uz veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo‘natishlari ham mumkin.
IZOH: Qo‘shimcha maʼlumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari (http://www.railway.uz/uz/interaktivnye_uslugi/spravochnye_telefony/) hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olishingiz mumkin.