Bugun 2020 yil 16-iyul kuni, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozog‘iston davlat chegarasidan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Rossiya tomoni bilan kelishuvga binoan, O‘zbekistonning uchta yo‘lovchi poyezdi Toshkent tomon yo‘l olmoqda.
1404 yo‘lovchi bo‘lgan ikkita poyezd Kinel, yana bir poyezd esa 702 nafar yo‘lovchi bilan Buzuluq stansiyalaridan harakatlandi. Chiptalar faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun sotildi.
Buzuluk – Toshkent yo‘nalishidagi chiptalar narxi 1.200.000 so‘m (8500 rubl), Kinel – Toshkent 1.450.000 so‘m (10.100 rubl)ni tashkil topdi. Yo‘l davomida yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya'ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilar platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.
Poyezdlar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.
DIQQAT! Mazkur poyezdlarda kelayotgan yo'lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olaman deb sarson bo‘lmasin! Chunki ushbu reyslarning barcha yo'lovchilari poyezdlardan tushishlari bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar O‘zbekistonda ham joriy etilgan va ular O‘zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega.