Bugun, 18-oktabr kuni “O‘zbekistonda Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan “Transport sohasidagi islohotlar, davlat xususiy sheriklik loyihalari va xalqaro hamkorlik jarayonlarining sohadagi o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida transport sohasidagi dunyoning yetakchi ekspert va mutaxassislari, xususan, Jahon bankining transport sohasi bo‘yicha eksperti Viktor Aragones, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki DXSh masalalari bo‘yicha konsultanti Dilnavoz Kuldasheva, BOEING kompaniyasi Yevroosiyoda tijorat samolyotlari uchun strategiya va bozorni rivojlantirish direktori Mario Antonio, TAV Technologies kompaniyasi vitse-prezidenti Aytan Mastaliyeva hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov, “Uzbekistan airports” AJ loyihalarni boshqarish va xalqaro munosabatlar bo‘limi boshlig‘i Rustambek Janbayev, “Uzbekistan airways” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Alisher Sattarov ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.
Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirning maqsadi O‘zbekistonning transport va logistika tizimi rivojlantirish borasida xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar yuzasidan fikr almashish uchun muloqot platformasini yaratishdir.
Xususan, suhbatda xalqaro ekspertlar bilan O‘zbekistonning transport va logistika tizimini rivojlantirish borasidagi so‘nggi yutuqlari yuzasidan olingan tajribalar va keyingi qadamlar, jumladan transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish borasida DXSh loyihalari ko‘paytirish, ushbu yo‘nalishda xalqaro moliya institutlarining tavsiyalari yuzasidan fikr almashildi.