Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston” temir yo'li qurilishi loyihasi bo'yicha uch tomonlama hujjat imzolandi

Chop etish Sahifani ulashish
18.05.2023 5272 Yangiliklar

Bugun, 2023-yil 18-may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Xitoy Xalq Respublikasining taraqqiyot va islohotlar Davlat qo'mitasi, Qirg'iziston Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi transport vazirligi o'rtasida “Xitoy – Qirg'iziston –O'zbekiston” temir yo'li qurilishi loyihasi bo'yicha keyingi bosqichlarni nazarda tutuvchi uch tomonlama hujjat imzolandi.

 

Bugungi kunga kelib, ushbu loyiha bo'yicha tomonlar “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'li qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va texnik-iqtisodiy asoslarini uch tomonlama qo'shma baholash ishlarini amalga oshirdilar, keyinchalik esa ekspertiza o'tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur hujjat ushbu loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini belgilab, qurilish loyihasini ishlab chiqish, investitsiyalar va moliyalashtirish modelini o'rganish va aniqlashni o’z ichiga oladi.

 

Ushbu loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashga yordam berib, Markaziy Osiyo davlatlarining transport yo'nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning xalqaro transport-tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirishni o’z oldiga maqsad qilgan.

 

Xitoy – Qirg'iziston –O'zbekiston temir yo'lining umumiy uzunligi taxminan 454 kilometrni tashkil etadi, shundan 280 kilometr Qirg'iziston hududidan o'tishi rejalashtirilgan. Liniyada umumiy 18 ta stansiya, uzunligi 26,1 km 81 ta katta va o'rta ko'priklar, uzunligi 120,39 km 41 ta tunnel quriladi. Ko'priklar va tunnellarning jami uzunligi 146,49 km bo'lib, bu liniya umumiy uzunligining 47,0% ni tashkil qiladi.

 

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga bo’lgan yo'lni taxminan 900 km, yuk yetkazib berish muddatlarini esa 7-8 sutkaga kamaytiradi. Dastlabki prognozlarga ko'ra,  yuk tashish hajmi yiliga 12-15 million tonnani tashkil etadi.