O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining 2020 yil 5 fevraldagi buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy aviatashuvchilar tomonidan muntazam parvozlarni bajarish bo‘yicha yangi yo‘riqnoma tasdiqlandi.
Mazkur Yo‘riqnoma Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konventsiya va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5647-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasiga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun xorijiy aviatashuvchilar tomonidan ruxsatnomalar olish tartib-tamoillarini, shuningdek, parvoz jadvallarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Yo‘riqnomaga muvofiq parvozlar jadvallarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, ularni ko‘rib chiqishda «O‘zaviatsiya» agentligi, «O‘zaeronavigatsiya» Markazi DUK va «Uzbekistan Airports» AJ ishtirok etadilar.