Parvozlar geografiyasini kengaytirish va xorijiy aviakompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora- tadbirlarni amalga oshirish doirasida “Uzbekistan Airports” AJ xorijiy aviatashuvchilar havo kemalariga O‘zbekiston Respublikasidagi aeroportlarda yer usti xizmatlarini ko‘rsatish tariflari kamaytirilishini ma’lum qildi.
Xususan, 2020 yilning 1 mart sanasidan e’tiboran barcha mahalliy aeroportlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish stavkasi bekor qilinadi. Xorijiy avikompaniyalarning yuk tashish reyslarida esa yukga ishlov berish tariflari pasaytiriladi.
Shuningdek, xorijiy aviakompaniyalarning biznes-klass yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportining "Business Lounge" dagi xizmatlarining narxi ham pasaytirildi.
Ushbu choralar xalqaro aviatsiya xizmatlari bozorida respublika aeroportlarining raqobatbardoshligini oshirish, mamlakat aholisi talablarini qondirish va yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan.
Xorijiy aviakompaniyalarning respublika aeroportlarida parvozlarni amalga oshirish harajatlarini pasaytirish mamlakatimiz aholisi va chet ellik sayyohlar uchun aviachiptalar narxini pasaytirishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari yuklarni tashish uchun tariflarning pasaytirilishi esa mamlakatimizning eksport salohiyatni yanada rivojlantirishga yordam beradi.