O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish (TAILEV)” loyihasi doirasida “Yashil shahar” transport yo‘lagining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–59-son qaroriga muvofiq 2025-yilgacha Toshkent shahri bo‘yicha jamoat transporti doimiy harakatlanadigan umumiy uzunligi 475 km bo‘lgan 36 ta alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish belgilangan.
Mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va avtobus yo‘laklarini xavfsiz hamda samarali joriy etishga ko‘maklashish maqsadida TAILEV loyiha doirasida poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasida joriy etilishi rejalashtirilgan yashil transport yo‘lagining kontsept-dizayni, matematik modeli va uni asosida texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi.
Mazkur yo‘lak loyihasini ishlab chiqishda yo‘lovchi va aholini fikri o‘rganilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qariyalar, bolalar va ayollarning jamoat transporti infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olingan.
Texnik-iqtisodiy asoslarga ko‘ra mazkur yo‘lakni joriy etilishi natijasida yo‘lak bo‘ylab avtotransportning o‘rtacha tezligi 11 foizga oshishi, atmosfera havosi ifloslanishi 12.3 foizga qisqarishiga erishilishi hisoblab chiqildi.
Shuningdek, bir kunda yo‘lak bo‘ylab avtobusda harakatlanadigan barcha yo‘lovchilar hamda shaxsiy transport egalarining tejalgan umumiy vaqti 3318 soatni, tejalgan yoqilg‘i yiliga 2.6 million litrni tashkil etib, bu yiliga 21.2 milliard so‘m iqtisodiy samaraga olib kelishi haqida ma’lumot berildi.
Ishlab chiqilgan loyihalar va texnik-iqtisodiy asoslar Toshkent shahar hokimligiga kiritildi.