Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Ushrashuvda YETTB ishtirokidagi “D 213 “Urganch—Xonqa—Hazorasp—Amudaryo daryosi—A380” avtomobil yo‘lining 0—84-km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi PQ-390-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida YETTB bilan 2024-yil 2-mayda 238 mln dollarlik qarz bitimi imzolangan. Loyihaning umumiy qiymati 294,1 mln dollarini tashkil qiladi, shundan YETTB qarz mablag‘lari–238 mln dollar, O‘zbekiston Respublikasining ulushi – 56,1 mln dollar qilib belgilangan.
Loyiha doirasida 84 km uzunlikda 4 tasmali (hozirda 2 tasmali) sement-beton qoplamali avtomobil yo‘li quriladi, qiymati 15,8 mln dollarlik 43 ta ko‘prik (1000 pm), 27 mln dollarlik 2 dona yo‘l o‘tkazgichlari (1000 pm), 1,7 mln dollarlik 3 ta yerusti piyodalar o‘tish yo‘llari hamda 70 km piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi.
Uchrashuvda, shuningdek, “Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasining joriy holati yuzasidan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar har ikki loyihani jadallashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.