Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari deputatlar muhokamasida

Chop etish Sahifani ulashish
30.05.2023 3141 Yangiliklar

Avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan deputatlar O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.Mahkamovning Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga javobini muhokama qildilar.

 

Zamonaviy avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda, respublika transport salohiyatini rivojlantirishda va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda birinchi darajali vazifa hisoblanadi.

 

O‘tgan yillar davomida xalqaro standartlarga muvofiq yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish, yo‘l harakati qulayligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Mamlakatimizda mazkur sohaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaratildi va doimiy takomillashtirilib borilmoqda. “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun ham shular jumlasidandir. Mazkur qonun bilan avtomobil yo‘llari sohasini boshqarish, yo‘llarning toifalari, moliyalashtirish, qurish va saqlash masalalari batafsil tartibga solindi.

 

Davlatimiz rahbarining bir qator Farmon va qarorlari bilan yangi vazifalar va chora-tadbirlar belgilandi. Bu esa, sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish sezilarli darajada ko‘paytirildi. Ohirgi 5 yil davomida respublika va mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan jami 80 531 km avtomobil yo‘llarini, 1 265 dona ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

 

Shu bilan bir qatorda, yo‘l xo‘jaligi sohasiga xalqaro moliya institutlari mablag‘lari ham muvafaqiyatli jalb qilinmoqda. Hususan, 2017-2022 yillar davomida 880,4 mln dollarlik loyihalar amalga oshirilgan hamda 340 km uzunlikdagi magistral va 374 km uzunlikdagi mahalliy ahamiyatga ega yo‘llar ta’mirlab foydalanishga topshirilgan.

 

Sohada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ham loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

O‘tgan yillar davomida avtomobil yo‘llarini xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor yanada kuchaytirilib, tizimdagi Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tgan asrning 70–80 yillarida ishlab chiqilgan amaldagi bir qator standartlar qaytadan ishlab chiqilib, sohaga tatbiq qilingan.

 

Yo‘l qurilishida shaffoflik me’zonlarini joriy qilish maqsadida sohaga tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Shaffof yo‘l” onlayn axborot platformasi ishga tushirilgan. Ushbu platformada avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi ishlab chiqilgan, unda avtomobil yo‘li uchastkasida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati haqida fuqarolar tomonidan izoh qoldirish imkoniyati ham yaratilgan.

 

2023-2027 yillar davomida respublika budjeti mablag‘lari hisobidan jami 92 183 km avtomobil yo‘llarini, 1 532 ta dan ortiq ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

 

Yig‘ilishda deputatlar avtomobil yo‘llari sohasida buyurtmachi, nazorat va xo‘jalik funksiyalarini aniq chegaralash, sohaga xususiy pudrat korxonalarini keng jalb qilish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, yo‘l qurilish korxonalarida mehnat unumdorligini, ishlab chiqarish hajmlari va sifatini oshirish, raqamli yechimlarni joriy etish, moliyaviy oqimlarni maqbullashtirish hamda avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga xususiy korxonalarni jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlarni ohiriga yetkazish lozimligini ta’kidladilar.

 

Majlisda deputatlar parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganini e’tirof etdilar va vazirning javobini ma’lumot uchun qabul qildilar.

 

Fikr va munosabatlar:

 

Anvarxon TЕMIROV, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi:

 

— Parlament so‘rovini yuborish qo‘mitamizning tashabbusi edi. Deputatlarimiz tomonidan mazkur tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, joriy yilning 15 martida Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi. Parlament so‘rovida quyidagi savollar aks etgan. Xususan,

 

yo‘l infratuzilmasini yaxshilash;

 

sohaga ilg‘or xorijiy standartlarni joriy etish bilan bog‘liq holat;

 

sohani zamonaviy kadrlar bilan ta’minlash borasidagi muammolar, ularni bartaraf etish amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar;

 

“Shaffof yo‘l” onlayn axborot platformasining to‘liq ishga tushirilmaganligi sabablari.

 

Biz qo‘mitamizda transport vazirining mazkur savollarga javobini dastlabki tarzda ko‘rib chiqdik. Aytish kerakki, vazir bizning so‘rovimizga jiddiy e’tibor qaratdi. Parlament so‘roviga javob tayyorlash uchun maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, olib borilgan ishlar yuzasidan chuqur tahlillar o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Albatta, ko‘p ishlar qilinganligini e’tirof etish kerak.

 

Shu bilan birga, hali tizimda yechimini kutayotgan muammolar mavjud bo‘lib, bu haqda Qonunchilik palatasining qarorida alohida ko‘rsatib o‘tildi.

 

O‘rol O‘ROZBOYEV, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi:

 

— Parlament so‘roviga javob muhokamasi davomida shunga amin bo‘ldikki, sohada ko‘p ishlar qilingan. Shunga qaramasdan yo‘llarning hozirgi kundagi holatidan foydalanuvchilar to‘liq rozi emas. Albatta, mamlakatimizda ishlab chiqirish korxonalarining soni kundan-kunga oshib, logistika rivojlanmoqda. Aholining farovonlik darajasi o‘sib borgani sari, shaxsiy transportlar soni ko‘paymoqda. Bundan tashqari, yuk tashuvchi texnikalarning turi, soni va qatnovi ortayapti. Bu esa yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi. Shuning uchun biz majlisda mas’ul qo‘mitaga bu boradagi e’tibor qaratish lozim bo‘lgan tavsiyalarimizni berdik.

 

Gulbahor SAIDG‘ANIYEVA, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi:

 

— Avtomobil yo‘llari sohasida mutlaqo yangi ochiqlik standartlarini joriy etish va shaffoflikni ta’minlash, sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “Shaffof yo‘l” onlayn axborot platformasi tashkil etilgani e’tiborga molik.

 

Ushbu raqamli platformaning qulaylik jihatlari ko‘p. Birinchidan, mas’ul vakolatli organlarda fuqarolarning yo‘l infratuzilmasiga oid murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishda real vaqt rejimida ichki yo‘llarning holati haqida ma’lumot olish imkoni yaratildi. Ikkinchidan, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi shakllantirilib, bu ishlarni olib borish zarurati, qisqa asosnomasi, ajratilgan mablag‘ va uning manbasi shaffof ko‘rinib turadi.

 

Deputatlar mazkur platformani to‘liq ishga tushirish, dasturiy ishlanmalar bilan integratsiya qilish, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga oid barcha tender savdolarini “Shaffof yo‘l” platformasi orqali o‘tkazish takliflarini berdi.

 

G‘ayrat ABDIYEV, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi:

 

— Parlament so‘rovidagi savollardan biri sohani zamonaviy kadrlar bilan ta’minlash masalasi bo‘lib, ayni paytda buni dolzarb deb hisoblaymiz. Albatta, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash masalasiga ilmiy va innovsion yondashish zarur.

 

Prezidentimizning tegishli Farmon va qarorlariga muvofiq, mamlakatimizda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarga yetakchi xorijiy kompaniyalar, ularning mutaxassislari taklif etilayotganligi tahsinga sazovor. Masalan, poytaxtimizdagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasini ta’mirlash ishlarida qo‘llanilgan innovatsion yechim fuqarolarga, yo‘lovchi va yuk transportlariga qulaylik yaratganligining guvohi bo‘lib turibmiz.

 

Shundan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishda zamonaviy kadrlarni tayyorlash maqsadida ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasini ta’minlash, mutaxassislarning xorijiy davlatlarda malakasini oshirish, shuningdek o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yo‘l qurishni o‘rgatuvchi modullarni joriy etishni zarur deb hisoblaymiz.

 

Islom XUSHVAQTOV, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi:

 

— O‘tgan yillarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida avtomobil yo‘llari chetlariga 5 mln. dan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

 

Biz bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish, yo‘l uchun ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrash va saqlash, avtomobil yo‘llarining xavfsizligini ta’minlash, yo‘llarni ta’mirlash va saqlash masalalari bo‘yicha taklif va tavsiyalarimizni berdik.

 

Bahodir ABDURAHMONOV, Transport vazirligi mas’ul xodimi:

 

— Haqiqatdan ham deputatlar parlament so‘rovida juda dolzarb masalalarni ko‘targan. Biz bunga parlament so‘rovida qo‘yilgan masalalarni hududlarga chiqib o‘rganishlar jarayonida yana bir bor guvoh bo‘ldik.

 

Qayd etish lozimki, mazkur parlament so‘rovi orqali yo‘l qurilishi tizimidagi asosiy kamchiliklarimizni aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab oldik. Galdagi vazifamiz ularning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash, mutasaddilar bilan ishlarni tizimli tashkil etish, pirovardida aholi va biznes uchun qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish hisoblanadi.

 

Biz albatta, mazkur jarayonda xalq vakillari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etib, ko‘zlangan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishamiz.