Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Yo‘lovchilar diqqatiga!

Chop etish Sahifani ulashish
26.06.2020 9053 Yangiliklar

 

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida ayrim xorijiy aviakompaniyalar joriy yilning 1 iyul sanasidan e’tiboran O‘zbekistonga muntazam parvozlarni qayta tiklashi  va shu munosabat bilan avia chiptalar sotuvi boshlangani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Transport vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 14 iyundagi qo‘shma yig‘ilishi 29-son bayoniga muvofiq respublika hududida kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati joriy yilning 1 avgustiga qadar saqlanib qolishi belgilangan. Bunda kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati davrida Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan barcha cheklovchi choralar saqlanib qoladi.

Shu munosabat bilan Transport vazirligi tomonidan xorijiy davlatlar aviatsiya ma’muriyatlariga O‘zbekiston Respublikasiga aviakompaniyalarning muntazam parvozlarni amalga oshirishga hali ruhsat berilmaganligi to‘g‘risidagi notalar yuborilgan.

Ayni damda Respublika maxsus komissiyasining 29-son bayoniga muvofiq sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan mamlakatlar bilan “yashil”, “sariq” va “qizil reyslar”ga ajratilgan holda muntazam parvozlarni qayta tiklash ustida ish olib borilmoqda.

Shu o‘rinda, yo‘lovchilarga eslatib o‘tamiz, turli aviakompaniyalarning O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlashi to‘g‘risida taraqalayotgan rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib aviachiptalarni sotib olmang.

Muntazam reyslar tiklangunga qadar faqat Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter reyslarigina amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarning aynan qachondan boshlab tiklanishi yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qiladi.