Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Yo‘l haqi to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi

Chop etish Sahifani ulashish
25.11.2019 9488 Yangiliklar

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Yo‘lovchi tashish transportida yo‘l haqi uchun to‘lovlarni amalga oshirishning avtomatlashgan tizimini joriy etish”, “Fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Transport vazirligi mutaxassislari tomonidan OAV vakillariga jamoat transportida yo‘lovchi tashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2020-yildan umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘l haqi to‘lovlarini amalga oshirishning avtomatlashgan tizimi joriy etilishi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Bugungi kunda jamoat transportida yo‘l xaqi to‘lovlari naqd pullar, oylik yo‘l kartochkalari (shu jumladan imtiyozli tariflar bo‘yicha o‘quvchi, talaba va pensionerlar uchun) va jetonlar orqali amalga oshirilib kelinmoqda. Shu bilan birga shahar jamoat transportida bepul yurish huquqini beradigan guvohnomalar ham amalda joriy etilgan.

Mazkur tizim jamoat trasportida tashilgan yo‘lovchilar umumiy sonini, imtiyozli tariflar va bepul foydalanganlar, naqd va jeton orqali to‘lovni amalga oshirgan yo‘lovchilar bo‘yicha to‘liq shaffoflikni ta’minlay olmayapti.

Jamoat transportida yo‘lovchilarni tashishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash, yo‘lkira haqini yig‘ishda shaffoflikni ta’minlash, jamoat transportida yo‘lovchi tashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2020 yildan e’tiboran “Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘l haqi to‘lovlarini amalga oshirishning avtomatlashgan tizimi”ni joriy etish ishlari boshlanadi.

Ushbu tizim doirasida jamoat transporti uchun yagona transport kartalari, to‘lovni amalga oshirish imkonini beradigan mobil ilova hamda bir martalik QR chiptalar joriy etiladi. Mazkur kartalarni savdo nuqtalari, agentlik tarmoqlari, metropoliten, avtovokzal, temir yo‘l kassalari va aeroportlardan sotib olish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur tizimda yo‘lkira haqi uchun to‘lovlarni kontaktsiz bank kartalari (Humo, Uzcard, Visa, Mastercard va boshqalar) orqali amalga oshirish imkonyati yaratiladi.

Yagona transport kartalarining narxi 8-9 ming so‘m atrofida bo‘ladi. (Kartalar uzoq muddat ishlatishga mo‘ljallangan). Kartalar hisobini bank plastik kartalaridagi mablag‘lar, bankomatlar, kioskalar, to‘ldirish terminallari hamda mobil ilovalar orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Pensionerlar, o‘quvchi-talabalar hamda qonunchilikda belgilangan tartibda jamoat transporti xizmatidan imtiyozli asosda foydalanish huquqiga ega alohida fuqarolar toifalari uchun imtiyozli transport kartalarini shaxsiylashtirish va karta tannarxi bo‘yicha sotish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

Ushbu tizim orqali bitta to‘lov bilan bir nechta transport yoki transport turidan foydalanish (avtobus+avtobus+metro) imkonini beradigan, vaqt hamda masofadan kelib chiqqan holda belgilanadigan qulay tarif rejalari joriy etiladi. Bunda yo‘lovchi belgilangan vaqt ichida manzilga etib borguncha bir nechta transportdan foydalanish uchun o‘ziga qulay tarif rejalarini tanlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Jamoat transportida yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Misol uchun, Toshkent shahrida “Toshshahartransxizmat” AJ va “Toshkent metropoliteni” UKning ayrim yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun – 2020-yil 1-yanvardan boshlab reja asosida boshlanadi. Nukus shahri va viloyat markazlarida yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun 1-avgustdan, Respublikaning boshqa hududlarida esa 2021-yil 1-yanvardan joriy etish rejalashtirilgan.

Tadbir davomida shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5584-sonli Farmonida ko‘zda tutilgan islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlar hususida batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

Tadbir so‘ngida Vazirlik mutasaddi xodimlari va OAV vakillari o‘rtasida savol-javob bo‘lib o‘tdi. OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

 

O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati