Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse – prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida keng ko‘lamli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
A.Berde O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ahamiyatiga yuqori baho berdi va Jahon bankining O‘zbekiston barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida mamlakat bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi. Xorijiy tomon O‘zbekistonning energetika sohasidagi loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishda erishgan muvaffaqiyatini alohida ta’kidladi.
Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Dastur uchun asos sifatida mamlakat islohotlar dasturining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, davlat korxonalari va banklari, moliya sohasi, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi va transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, xususiy sektor va kichik biznes sohasidagi islohotlar qabul qilinadi.
Investitsiya loyihalari va startaplarni amalga oshirishda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari qayd etildi.
Bank rahbariyati “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish uchun amaliy ko‘mak berishga va loyihada ishtirok etish uchun boshqa xalqaro moliya institutlarini jalb etishga tayyorligini bildirdi. Jahon banki tomonidan, shuningdek, dala tadqiqotlari o‘tkazilishi moliyalashtirilib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi uchun texnik yordam ko‘rsatiladi.
Tomonlar joriy yil oxirigacha Bank tomonidan ma’qullanishi maqsadida qishloq joylardagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda shaharlarni rivojlantirish va urbanizatsiyaga qaratilgan yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Hududlarda sanoat siyosatini samarali amalga oshirish va eksport mahsulotlarini chet el bozorlariga ilgari surishning yangi strategiyasini ishlab chiqishda Jahon banki tomonidan texnik yordam ko‘rsatilishiga kelishildi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlik bo‘yicha navbatdagi tadbirlar hamda yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan aniq vazifalar belgilandi.