Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Jamoat transporti sohasini isloh qilish bo‘yicha Janubiy Koreya tajribasi o‘rganilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
25.10.2022 4804 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida yashil shahar transport tizimlari bo‘yicha eng ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Koreya Respublikasiga Transport vazirligi xodimlarining o‘quv xizmat safari tashkil etildi.

 

Xizmat safari davomida Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi, Koreya transport instituti hamda Seul shahri ma’muriyatining tegishli mutaxassislari bilan konsultativ uchrashuvlar o‘tkazildi.

 

Shuningdek, Seul shahri jamoat transporti sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi islohotlar, xususan, shaharda joriy etilgan avtobus yo‘laklari (BRT), integrallashgan elektron to‘lov (T-Money) tizimi, daromadlarni tashuvchilar o‘rtasida taqsimlashda “Pool” tizimi, jamoat transport infratuzilmasida aholining zaif qatlamlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

 

Bundan tashqari, Koreya shaharlarida joriy etilayotgan transportdan holi bo‘lgan “yashil” hududlar va jamoat transporti parki uchun elektrobuslar xarid qilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tajribalari haqida ma’lumot olindi.

 

Xizmat safari davomida Seul shahar ma’muriyati qoshida tashkil etilgan transport ma’lumoti xizmati (TOPIS)ga tashrif buyurilib, shahar transport tizimini operativ boshqaruv faoliyati, haydovchisiz harakatlanayotgan transport vositalarining pilot loyihalari hamda real vaqt rejimida transport va yo‘l ma’lumotlarini tahlil qilib borish imkoniyatlari bilan tanishildi.

 

Uchrashuvlar davomida Toshkent shahrida jamoat transporti sohasini isloh qilish, shu jumladan, yashil transport yo‘laklarini joriy etishda o‘zaro bilim va tajriba almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.