Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
19.08.2022 4656 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, “O‘ztemiryo‘lnazorat”, “O‘zyo‘linspektsiyasi” va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

 

Tadbirda vazirlik va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi departament va boshqarma boshliqlari bevosita, shuningdek, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlarining ellikka yaqin xodimlari videokonfrensaloqa orqali ishtirok etishdi.

 

Targ‘ibot tadbirida davlat xizmatini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari, Qonunning ishlab chiqilishi, davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari, davlat fuqarolik xizmatchisi huquq va majburiyatlari haqida so‘z yuritildi.

 

Mazkur hujjat O‘zbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.

 

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Istiqbolli kadrlar seleksiyasi boshqarmasi bosh inspektori, yuridik fanlar nomzodi Akmal Raxmanov va Kadrlar ma’muriyatchiligi departamenti Davlat organi va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh inspektori Sarvar Umaraliyev qonundagi har bir bob, undagi 64 ta moddada keltirilgan davlat fuqarolik xizmati xodimlarining maqomi, huquqiy va ijtimoiy himoyasi, shu bilan birga majburiyat vazifalari xususida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

 

Mutaxassislar aytib o‘tganidek, davlat fuqarolik xizmati davlat organlari vakolatlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi haq to‘lanadigan kasbiy faoliyat hisoblanadi. Tadbirda davlat fuqarolik xizmatiga kirish, tanlov jarayonlari, xodimlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, intizomiy jazo tartiblarni qo‘llash, milliy kadrlar zahirasini yaratish masalalari bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.

 

Shuningdek, tadbirda davlat fuqarolik xizmatchisining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan bilimlar, ko‘nikmalar va malakalarini egallash maqsadida qayta tayyorlash, malaka oshirish va mustaqil ta’lim olish yo‘nalishlari bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.