Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Xalqaro yuk tashuvlari sohasida professional haydovchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi

Chop etish Sahifani ulashish
12.10.2022 3884 Yangiliklar

 

Avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish va samaradorligini oshirishda haydovchilarning o‘rni nihoyatda katta. Zero, avtotransport vositasiga ortilgan yuklarning o‘z vaqtida belgilangan manzilga zarar yetkazmagan holda yetkazib berilishi aynan haydovchining bilim va malakasiga bog‘liq.

 

Hozirda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan professional haydovchilarning etishmasligi va ularning xizmatiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani dolzarb global muammoga aylanib ulgurdi. Ayni damda butun dunyoda 470 000 yaqin professional haydovchilar etishmasligi muammosi mavjud.

 

Ayni ushbu jihatlarni inobatga olgan holda joriy yilning 27-sentabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Xalqaro avtomobil tashuvlari: muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi va O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.

 

Tomonlar o‘rtasida imzolangan mazkur memorandum avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida ko‘p sonli professional haydovchilarni, shuningdek, boshqa ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash/qayta tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv markazini tashkil etish va ishga tushirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

 

Bugungi kunga kelib mazkur o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi. Transport vazirligi ko‘magida O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi va Litva avtomobil tashuvchilar milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida faoliyat yurituvchi mahalliy va xorijiy korxonalarning malakali haydovchilarga bo‘lgan talabini qondirish, qolaversa, ushbu sohada xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni qonuniy asosda ish bilan ta’minlashni tashkil etish maqsadida o‘quv markazida ilk amaliy harakatlar boshlandi.

 

Ushbu markaz tomonidan Litvaning TVG transport kompaniyasi bilan hamkorlikda Litvada haydovchilik sohasida ishlash istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolari uchun tanlov jarayonlari o‘tkazilmoqda. Mazkur tanlovda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Toshkent shahri va Toshkent viloyati filialidan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar ishtirok etishmoqda.

 

Tanlov jarayonida haydovchilarning avtotransport vositasini boshqarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu jarayondan muvafaqqiyatli o‘tgan haydovchilar ikki hafta davomida nazariy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha o‘quv kursida malaka oishirishadi.

 

Transport vazirligi bevosita O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda ushbu o‘quv markazi faoliyatini rivojlantirib, avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida ko‘p sonli professional haydovchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan markazga aylantirishni ko‘zda tutgan.