Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Xorijiy aviakompaniyalar yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga qat’iy rioya etishi lozim

Chop etish Sahifani ulashish
11.08.2021 5915 Yangiliklar

 

Ukrainaning “Bees Airline” aviakompaniyasi joriy yilning 9 - avgust kunidan e’tiboran Kiyev-Samarqand-Kiyev yo‘nalishidagi reyslarga chiptalar sotuvi boshlanganligi to‘g‘risida aviakompaniya veb sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qildi.

Xabarda aviakompaniya Kiyev-Samarqand-Kiyev yo‘nalishidagi parvozlarni 2021 - yilning 30 - avgust kunidan boshlab, haftada bir marta dushanba kunlari amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lum qilgan. Aviakompaniya tomonidan tarqatilgan xabarda mazkur yo‘nalishdagi qatnov qay tartibda (muntazam yoki charter) amalga oshirilishiga oydinlik kiritlmagan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ukrainaning “Bees Airline” aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan murojaatlar bo‘lmaganligini ma’lum qiladi.

Qolaversa, aviakompaniya tomonidan Kiyev-Samarqand-Kiyev yo‘nalishida bir martalik charter parvozlarni bajarishni tashkil etish yuzasidan ham “O‘zaviatsiya” agentligiga shu vaqtga qadar hech qanday so‘rov kelib tushmagan.

Xorijiy mamlakatlar aviakompaniyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik (charter) reyslarni amalga oshirish uchun vakolatli organning O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining tegishli ruxsatnomasini olishi va ana shundan so‘ng aviachiptalar sotuvini boshlashi lozim.

Zero, vakolatli organning charter qatnovini bajarish bo‘yicha tegishli ruxsatnomasi mavjud emasligi natijasida aviakompaniyalar tomonidan e’lon qilingan yo‘nalishdagi parvozning bekor qilinishi yo‘lovchilar orasida ijtimoiy keskinlikning vujudga kelishiga olib keladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xorijiy aviakompaniyalardan yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga qat’iy rioya etishini so‘rab qoladi. Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston va Ukraina aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida faqatgina “Toshkent – Kiyev” yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuv mavjud.