Seulda (Janubiy Koreya) xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ikkinchi global simpoziumi (GISS) o'z ishini davom ettirmoqda, unda ICAO Bosh kotibi, ICAO’ga a'zo davlatlarning transport vazirlari, aviatsiya rahbarlari va aviatsiya tizimi vakillari ishtirok etmoqda. Ushbu tadbirda transport vaziri Ilhom Maxkamov boshchiligidagi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbir ICAO Jahon aviatsiya forumi (IWAF), Aviatsiya hamkorligi bo‘yicha global simpozium (GACS) va TRAINAIR PLUS global aviatsiya treningini o‘zida birlashtirib, uning doirasida eng so‘nggi innovatsiyalar, operatsion yechimlar va aviatsiya barqarorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlar ko‘rib chiqiladi.
Simpozium doirasida Ilxom Maxkamov ICAO bosh kotibi Xuan Karlos Salasar bilan uchrashuv o'tkazdi va O'zbekiston ICAO’ning atrof-muhitni muhofaza qilish siyosati va amaliyotini qo'llab-quvvatlashini alohida ta'kidlab o’tdi. Vazir O'zbekistonning uglerod chiqindilarini kamaytirishdagi eng samarali hissasi Jet A-1 yarim sintetik (50/50) aviatsiya yoqilg'isi (SSF) ishlab chiqarishni o'zlashtirish va fuqaro aviatsiyasida chiqindilarni 20 foizga kamaytirishdan iboratligini ta'kidladi. Maxkamov kelajakda Uzbekistan GTL tomonidan ishlab chiqarilgan to'liq sintetik aviatsiya yoqilg'isiga o'tish rejalashtirilganligini qo’shimcha qildi. Uchrashuv yakunida joriy yilning 5−6-iyun kunlari Samarqand shahrida ICAO ishchi guruhining “Til bo'yicha professional talablarni joriy etish” (EUR/nat ICAO EASPG LPRI tf/42) 42-sessiyasini o'tkazish rejalashtirilganligini ma’lum qildi.
Transport vaziri Singapur transport vaziri Amiy Xor bilan ham uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv doirasida tomonlar O'zbekiston Respublikasi aeroportlarini rivojlantirish sohasidagi "Changi Airports International Pte" kompaniyasi bilan hamkorlik va "PSA International" kompaniyasi bilan O'zbekiston hududida zamonaviy konteyner terminalini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Vazirlar Singapur tajribasi asosida O'zbekistonda yer osti metro liniyalarini loyihalash va qurish muhimligini ta'kidladilar. Shuningdek ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik o’z ichiga transport tizimini aqlli boshqarish markazi va Singapur tajribasini joriy etishni ham olishi qayd etildi.
Forum doirasida Indoneziya transport vaziri Budi Karya Sumadi, "Hyundai Motor Group", "Korea Airports" va "Incheon" aeroportlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi.