Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Karantin muddati tugagan 175 nafar hamyurtlarimiz o‘z yashash manzillariga yetkazib qo‘yildi

Chop etish Sahifani ulashish
07.05.2020 6488 Yangiliklar

“Do‘stlik” chegara posti orqali Qirg‘iziston Respublikasidan yurtimizga kirib kelgan va Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan 14 kunlik karantin kuzatuviga olingan 175 nafar fuqaroda kasallik aniqlanmaganligi bois, ularning o‘z uylariga qaytishi uchun ruxsat berildi.

Mutasaddilarning xabar berishicha, Andijon tumanidagi “Bog‘ishamol” bolalar dam olish lagerida saqlangan ushbu fuqarolarning hech birida karantin davrida koronavirus alomatlari kuzatilmagan. 14 kunlik izolyatsiyadan so‘ng ular tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi, maxsus apparatlar orqali laborator va boshqa diagnostik tahlillar olindi. Tekshiruv va tahlillar natijalariga ko‘ra, ularning birortasida ham kasallik alomatlari topilmadi.

Karantin kuzatuvida bo‘lganlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berildi, ularning salomatligi tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy kuzatib borildi. Andijon tumani ichki ishlar bo‘limi va harbiylar tomonidan uzluksiz nazorat ostida bo‘ldi.

Karantindan kuzatilgan fuqarolar Andijon, Farg‘ona, Namangan, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslar bo‘lgan.

Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar ko‘magi bilan 127 nafar fuqaro maxsus avtomashinalarda o‘z uylariga jo‘nab ketgan bo‘lsa, 48 nafar fuqaro “Andijon” temiryo‘l vokzalidan maxsus poyezd orqali yashash manzillariga kuzatildi.