Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Koreya Respublikasi bilan transport va logistika sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
14.04.2022 4423 Yangiliklar

 

Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov boshchiligidagi ishchi guruh Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibti. Ushbu tashrifdan asosiy maqsada Koreya Respublikasi bilan transport, logistika va raqamlashtirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iboratdir.

Tashrifning ikkinchi kunida Transport vazirligi ishchi guruhi a’zolari Koreya Respublikasining Pusan shahriga tashrif buyurib, u yerda Pusan shahar meriyasi va “Pusan” dengiz portini boshqarish administratsiyasi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi infratuzilma loyihalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Pusan” dengiz portini boshqarish administratsiyasi Vitse-prezidenti Kim Gvan-min bilan logistika, tranzit va yuklarni yetkazib berish masalalari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida “Pusan” dengiz porti ma’muriyati transport va logistika sohalarida yosh kadrlarni etishtirish, ular uchun eksport-import jarayonlarida portlardan unumli foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Transport vazirliginining 10 nafar vakillari uchun Pusan shahrida bepul o‘quv kurslarini tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, shu kuni Pusan shahar meri o‘rinbosari Li Byung-jin bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida transport, yo‘l xo‘jaligi va portlarda yuk tashish sohalarida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv tomonlar jamoat transportini hamkorlikda Koreya tajribasini qo‘llagan holda rivojlantirish, avtomobil yo‘llari va ko‘priklarni qurish sohalarida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.

Shuningdek, Pusan shahridagi Kimxe halqaro aeroportida mazkur aeroportning ijrochi direktori Je Xi Pak bilan aviatsiya sohasidagi hamkorlik, aeroportlarni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida Je Xi Pak kelgusida O‘zbekistonning yirik va tarixiy shaharlari hamda Pusan shahri o‘rtasida aviareyslarni yo‘lga qo‘yish rejasi borligi va shu sababli hozirgi vaqtda mazkur reyslarning moliyaviy-iqtisodiy jihatlari, tushumlar va boshqa hisob-kitoblar ishlab chiqilayotganligini ma’lum qildi.

Ushbu hisob-kitoblar asosida o‘zbek tomoni aviatashuvchisi bilan muzokaralar o‘tkazgan holda Pusan shahri va Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlari o‘rtasida aviareyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud ekanligi bildirildi. Tomonlar o‘rtasida mazkur qo‘shimcha reysni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va zaruriy ichki idoroaviy jarayonlarni jadallashtirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga kelishib olindi.