Transport vaziri Ilhom Maxkamov Janubiy Koreyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon hamda Koreya Eksimbank vakolatxonasining Toshkentdagi rahbari Sangjin Kang bilan muzokaralar olib bordi.
Tomonlar transport sohasidagi aloqalarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi. Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida Transport vaziri Koreya kompaniyalarining ishtirok etish imkoniyatini o‘rganish uchun O‘zbekiston Respublikasidagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha bir qator loyihalarni taqdim etdi.
Koreya Eksimbank vakolatxonasi rahbari "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ehtiyojlari uchun "Hyundai Rotem" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 6 ta elektropoyezdni xarid qilish loyihasining amalga oshirilish holati haqida ma’lumot berdi hamda O‘zbekistonning boshqa transport loyihalarida ishtirok etishga yuqori qiziqish bildirdi.
Elchi janoblari O‘zbekiston Koreyaning strategik, jumladan, transport sohasidagi muhim hamkorlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Koreya tomoni vazirlik rahbariyatini joriy yilning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadigan Koreya – Markaziy Osiyo xalqaro forumiga taklif etdi.