Bugun, Transport vazirligi rahbariyati hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan airports” AJ va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mamlakatimiz transport salohiyatini yanada yuksaltirish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni muvafaqqiyatli amalga oshirish hamda yurtimiz milliy manfaatlarini mustahkamlashda xorijiy davlatlardagi elchilarimizning o‘rni nihoyatda beqiyosdir. Aynan shu nuqtai nazardan mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatonalari rahbarlari bilan tashkil etilgan ushbu muloqot barcha uchun birdek manfaatli bo‘ldi.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev so‘nggi yillarda mamlakatimizda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Ushbu jarayonlarda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilarining o‘rni katta ekanligi alohida qayd etildi.
Uchrashuvda Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan airports” AJ mutasaddilari mamlakatimiz transport tizimi va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yurtimiz tranzit salohiyatini oshirish, transport koridorlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, ushbu yo‘nalishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi hamda kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan soha mutasadilari bilan fikr almashdi.