Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbek haydovchilari ilk marotaba Afg‘oniston orqali Pokistonga yuk tashuvlarini amalga oshirdi

Chop etish Sahifani ulashish
16.06.2022 5633 Yangiliklar

 

Mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish va tashqi savdo hajmini oshirishda xalqaro bozorlarga chiqish uchun logistika muammolarini muvaffaqiyatli hal etish muhim omil sanaladi. Xususan, dengiz portlariga chiqish hamda bu yo‘nalishda qulay transport koridorlarini yaratish O‘zbekiston uchun strategik vazifa.

Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan faol tashqi siyosati tufayli bugun O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi.

Yangi sur’at bilan rivojlanayotgan iqtisodiy aloqalarimizning kengayishida Pokiston Islom Respublikasi bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyati nihoyatda katta.

Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan transport yo‘laklarini yanada diversifikatsiya qilish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish, yuklarni tranzit qilish tartibini soddalashtirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Transport vazirligi tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 26-27 mart kunlari Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi, Afg‘oniston va Pokiston Islom Respublikasining yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida transport masalalari bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlatlari hududi bo‘ylab avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olingan edi.

Uch tomonlama sa’y-harakatlar natijasida bugun ushbu transport koridorining to‘laqonli faoliyat yuritishi, yuklarning qisqa fursatlarda, xavfsiz ravishda belgilangan manziliga yetkazilishi ta’minlanmoqda.

Buning natijasi o‘laroq o‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashuvlarini muvafaqiyatli ravishda bajardi.

“Toshkent – Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor – Karachi” yo‘nalishi bo‘ylab 2760 km yo‘lni bosib o‘tgan o‘zbekistonlik haydovchilar Karachi portidan ortilgan yukni (muzlatilgan go‘sht) bir haftada Toshkentga yetkazib keldi.