Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Polsha bilan xalqaro yuk tashuvlari sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
17.08.2022 5711 Yangiliklar

 

Joriy yilning 9 - avgust kuni xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan taqdimot davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya Polsha Respublikasiga tashrif buyurdi.


Tashrif davomida Varshava shahrida Polsha infratuzilma vaziri o‘rinbosari Rafal Veber hamda “Polsha xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi” (ZMPD) prezidenti Yan Buchek bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.


Xususan, xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, ikki tomonlama, tranzit va uchinchi mamlakatlarga/dan yuklarini tashish uchun qo‘shimcha ruxsatnomalarni almashish, bugungi vaziyatdan kelib chiqqan holda muqobil transport yo‘laklarini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.


Tomonlar avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha 1000 dona ruxsatnomalarni almashishga, shuningdek, tez fursatlarda Toshkent shahrida transport masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldi.