O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining topshirig‘i bilan Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari ” AJ rahbariyati vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi 25 - iyun kuni “Toshkent” janubiy temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilarga yaratilgan imkoniyatlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan o‘rganish ishlarini o‘tkazishdi.
Shu yerning o‘zida yo‘lovchilar va xorijiy sayyohlarning temir yo‘l transporti sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan fikrlari o‘rganildi. So‘rov davomida yo‘lovchilarning aksariyati respublika vokzallarining ozodaligi hamda “Afrosiyob” va “Sharq” poyezdlarida xizmat ko‘rsatish darajasini yuqori baholashdi. Shuningdek, xorijlik sayyohlar temir yo‘l chiptalarini sotib olish bo‘yicha onlayn xizmatning foydaliligi va samaradorligini alohida e’tirof etishdi.
Shu bilan birga, yo‘lovchilar platskart vagonlarida ko‘rsatilayotgan joriy xizmatni yaxshilash yuzasidan aniq tavsiyalar berdi. Xususan, shaharlararo yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatayotgan platskart vagonlarida zamonaviy antibakterial konditsioner tizimini tashkil etish masalasi ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda barcha vokzallarda maxsus QR kodlar joylashtirilgan bo‘lib, ular yordamida yo‘lovchilar maxsus so‘rovnomani to‘ldirib, o‘z taklif va tavsiyalarini qoldirishi mumkin.