Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

ShAXSIY JAVOBGARLIK VA MAS'ULIYAT ISLOHOTLAR SAMARASINI TA'MINLAYDI

Chop etish Sahifani ulashish
11.05.2021 5301 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 - fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni davlat idoralari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Farmonda vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, barcha darajadagi hokimlar qo‘yilgan talablarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va natijali bajarilishi uchun shaxsan javobgar etib belgilanishi esa mas'uliyat hissini bir necha barobar oshiradi.

Ta'kidlash joizki, avvallari aynan rahbar xodimlarning shaxsiy javobgarlik tizimi mukammal bo‘lmagani natijasida berilgan topshiriqlar ijro etilmasligi yoki muddati o‘tib bajarilishi kabi holatlar kuzatilar edi.

Prezidentimiz farmoni bilan bunday holatlarning oldi olinmoqda. Bugungi zamon talabi boshqacha, bugungi rahbar mas'uliyati yuksak. Chunki davlat hokimiyatining jamiyat oldidagi eng asosiy vazifasi sifatida aholi hayoti darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha islohotlarning natijadorligi bevosita ularni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar, qarorlarni ijro etish bo‘yicha intizomning qat'iyligiga bog‘liq. Aynan davlat idoralari va tashkilotlaridagi ijro intizomi holatidan kelib chiqib har bir tarmoqning rivojlanish darajasiga baho berish mumkin.

Shu ma'noda bugun Transport vazirligi tizimi ham jiddiy o‘zgarishlarga uchrayotganini aytmoqchiman.

Mamlakatimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlashdagi eng muhim tarmoqlardan biri transport tizimidir. Aynan ushbu tizim infratuzilmasini rivojlantirish, sohaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali transportning barcha turlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yuk va yo‘lovchi tashish hajmini ko‘paytirish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini kengaytirish va uning imkoniyatlaridan oqilona va samarali foydalanish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz transport tizimi jahon talablari darajasida faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar kechmoqda.

Bu jarayonda asosiy vazifamiz, yuqorida ta'kidlaganimizdek, ijro intizomini ta'minlash, har birimiz o‘z vazifamizga sidqidildan yondashish. Shu maqsadda Prezidentimiz farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Transport vazirligida ham ijro intizomini yanada mustahkamlash bo‘yicha qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Ular sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

birinchi yo‘nalish — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish;

ikkinchi yo‘nalish — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrochilarga tezkor yetkazilishi, shu jumladan, ularda qo‘yilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyatini Transport vazirligi, tizim tashkilotlari va hududiy transport boshqarmalari xodimlariga tushuntirish, nazorat bandlari va topshiriqlarda aniq mexanizmlar, muddatlar va mas'ullar belgilanishi bo‘yicha “yo‘l xaritalari” — harakat rejalari o‘z vaqtida ishlab chiqilishi ustidan shaxsiy nazoratni ta'minlash;

uchinchi yo‘nalish — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida o‘z vaqtida hisobot berilishiga alohida e'tibor qaratish;

to‘rtinchi yo‘nalish — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida, to‘liq va natijali ijro etilishi shaxsan tanqidiy tahlil qilinishini ta'minlash, qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish va mo‘ljallangan maqsadlarga erishish.

Shuningdek, vazirlik hay'ati qarori bilan farmon ijrosini ta'minlash, undagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qiluvchi ishchi guruh tarkibini shakllantirish, qonunchilik hujjatlari hamda topshiriqlarning amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobot berilishini tashkil etish tartibini belgilash, ishlarni tashkil qilish, ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish yuzasidan harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Xususan, vazirlikka tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi bo‘yicha har haftaning dushanba kuni vazir, juma kuni vazir o‘rinbosarlari tomonidan shaxsan mas'ul ijrochilar bilan muhokama o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Farmon talablari hisobga olingan holda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi holatini kompleks o‘rganish o‘tkazildi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va muammoli masalalarni joyida hal etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.

Ta'kidlash joizki, vazirlikning tegishli bo‘linmasi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi uchun mas'ul ijrochilar faoliyati muntazam ravishda nazorat qilib borilmoqda. Jumladan, o‘z vaqtida bajarilishida kechikish xavfi yuzaga kelgan muammoli masalalar, topshiriqlar ijrosini amalga oshirishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgan ijrochilarga qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan taklif kiritilayotir.

Ijro intizomini yanada mustahkamlashda zamonaviy axborot texnologiyalari va boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish hamda ijroni tekshirish shakllarini takomillashtirish muhim omil sanaladi.

Mazkur yo‘nalishda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali elektron hujjat almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida ijro etilishi nazorat qilib borilmoqda.

Ushbu tizim orqali har bir hujjat va topshiriqni qabul qilish, qisqa fursatda mas'ul ijrochilarga yetkazib berish, topshiriqning ijro etilish holati real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Mazkur avtomatlashtirilgan tizim samarasi o‘laroq, Transport vazirligi, tizim tashkilotlari va hududiy transport boshqarmalarida hujjatlarni qog‘oz shaklida kelishish va imzolash amaliyotiga to‘liq chek qo‘yildi.

Shu bilan birga, ijroga tushgan hujjatlarni elektron raqamli imzodan foydalangan holda maxsus mobil ilova orqali ko‘rib chiqish, ijroga yo‘naltirish va nazoratdan chiqarish imkoniyatlari yaratilgan. Bu vazirlik tizimida ish yuritishni sezilarli darajada tezlashtirishga imkon berdi.

Ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshirilishi juda qo‘l kelmoqda. Tizim orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjat va topshiriqlari, ularning bajarilish holati, muddati, tasdiqlash jarayoni kabi hisobotlarni ijrochilar bo‘yicha shakllantirish imkoniyati mavjud.

Vazirlikka yuklatilgan topshiriqlar bajarilishini nazorat qilish, yangicha tizimni to‘liq tatbiq etish maqsadida barcha hududiy boshqarmalarda hamda tizim tashkilotlarida 2020-2021 yillarning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, qarorlari, farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosi bo‘yicha jami 8 ta (2020 yilda 6 ta, 2021 yil 1-choragida 2 ta) maqsadli va kompleks o‘rganish o‘tkazildi.

Mazkur o‘rganishlar jarayonida joylarda mavjud topshiriqlar ijrosini nazoratga olish elektron tizimi takomillashtirildi, mas'ul xodimlar belgilandi hamda kiruvchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, nazoratga olish, ijrochilarga yetkazish va ijrosini ta'minlash jarayonlarining yangicha tartibi ko‘rgazmali-taqdimot materiallari asosida tushuntirib berildi.

Ish yuritish va ijro intizomi buzilgani uchun jami 6 nafar mansabdor shaxs va mutaxassisga nisbatan qat'iy intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shu bilan birga, ijro intizomi masalasi vazirlik hay'ati yig‘ilishida muntazam ko‘rib borilmoqda.

Qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati haftaning belgilangan kunlarida onlayn shaklda vazirlikning barcha xodimlariga yetkazilmoqda. Shu bilan birga, haftalik o‘quv soatlari o‘tkazilib, natijasi vazirlik va tizimdagi tashkilotlarning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirilmoqda.

Shuningdek, vazirlikdagi departament, boshqarma va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida onlayn huquqiy o‘quv soatlari o‘tkazilmoqda. Natijada joriy yilning o‘tgan davri mobaynida soha xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuni, Prezidentning 11 ta farmoni va 25 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 63 ta qaror va farmoyishi mazmun-mohiyati ko‘rgazmali-taqdimot materiallari asosida tushuntirib berildi.

Har bir topshiriq va hujjat ijrosini amalda nazorat qilish, ularni o‘rganib chiqish, mas'ullar belgilanishini ta'minlash ijro intizomi yanada mustahkam bo‘lishini ta'minlaydi.

Bugungi kunda mamlakatimiz transport tizimi ish faoliyatini takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, eng chekka hududlarda ham yo‘lovchilar va fuqarolarga zamon talablariga munosib darajada sharoit yaratib berish, yangi transport yo‘laklarini tashkil etish orqali mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratish Prezidentimiz tomonidan oldimizga qo‘yilgan eng ustuvor vazifadir.

Ushbu vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi har bir rahbar va xodimdan shaxsiy javobgarlik, daxldorlik hissini to‘liq anglagan holda o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, vazirlik hamda tizimda faoliyat yuritayotgan rahbar va xodimlarning mustahkam ijro intizomiga amal qilishi, topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi doimiy nazorat qilib boriladi.

 

Ilhom MAHKAMOV,

O‘zbekiston Respublikasi

transport vaziri