Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport-logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Chop etish Sahifani ulashish
18.05.2021 8505 Yangiliklar

 


2021-yil 18-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan “Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan parlament so‘roviga transport vaziri I.Mahkamovning javobi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda transport-logistika tizimini takomillashtirish, ushbu omillardan foydalangan holda yurtimizning eksport salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2020-yil yakunlariga ko‘ra “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 41,7 ming tonna yuk tashilib, bu ko‘rsatgich 2019 yilga nisbatan 1,45 barobarga oshdi. Yuklarni tashish hajmini oshirish maqsadida qatnovlar Istanbul, Urumchi, Ostrava, Shanxay, Seul, Dehli, Shisyazyachjuan, L'ej yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tgan yilda qo‘shimcha charter shartnomalar imzolandi.

Ushbu ishlarning bajarilishi natijasida oylik yuk tashuvlar daromadi 1,3 mln. dollardan 5,7 mln. dollarga oshdi. 2021- yil davomida 12 268 ta reys amalga oshirish orqali 1 933 ming yo‘lovchi va 42,5 ming tonna yuk (shu jumladan pullik bagaj va pochta) tashish rejalashtirildi. Joriy yilda yuk tashuvlari hajmini yanada oshirish maqsadida Toshkent-Gonkong-Toshkent-Tel' Aviv-Toshkent va Toshkent-Gonkong-Toshkent-Kiev-Toshkent yangi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshirish, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha 2 ming tonna yuk tashish va 5,8 mln. AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha daromad olish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan bir qatorda, joriy yil 6 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Innoprom-2021” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekiston Temir yo‘llari” AJ va Rossiyaning “RJD Logistika” kompaniyasi vakillari o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumaladan qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini muzlatgichli maxsus refrejerator konteynerlarda tashish uchun Agro-Ekspress poyezdlarni tashkil qilishga kelishib olindi. Mazkur yangi yo‘nalish O‘zbekistonning eksport tashuvlari, ayniqsa meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Parlament so‘roviga berilgan javobda eksport qilinayotgan yuklarni qo‘shni davlatlardan temir yo‘l orqali imtiyozli narxlarda o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma'lumotlar berilgan.

Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan MDH, Eron va Boltiqbo‘yi davlatlari temir yo‘l ma'muriyatlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida 2021-yil uchun bir qator chegirmalar olinishiga erishilgan. Bu esa, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga va o‘zbek mahsulotlarining raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, hozirgi kunda Transport vazirligi tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi “Mozori-Sharif-Qobul-Peshavor” va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport va tranzit yo‘laklarini yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Mozori-Sharif-Qobul-Peshavor” temir yo‘lining qurilishi O‘zbekiston va O‘rta Osiyo mamlakatlariga dunyo okeaniga chiqishga eng yaqin yo‘l bo‘lib, Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yo‘llari bilan uzviy bog‘lash imkonini beradi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimiz tranzit salohiyatining keskin oshishiga xizmat qiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida Pokistondan O‘zbekistonga yuklarni tashish 35 kun emas, balki 3-5 kunni tashkil qiladi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l qurilishi loyihasining amalga oshirilishi Osiyo Tinch okeani va Xitoydan Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston orqali yuklarni Yevropa mamlakatlariga tashish uchun yangi xalqaro transport koridorini yaratadi. Qolaversa, yuklarni yetkazib berish vaqti keskin qisqarib, O‘zbekistonning tranzit salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining mazkur parlament so‘roviga yo‘llagan javobini ma'lumot uchun qabul qildilar.