2022 - yilning 27 - yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Har ikki tomon ham ushbu yo‘nalishda hali foydalanilmagan keng imkoniyatlar mavjud ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Xususan, uchrashuv davomida tomonlar Eron va O‘zbekiston o‘rtasida muqobil xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, Eron portlari imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar Ashxobod bitimi yuzasidan ishchi qo‘mitaning faoliyatini qayta tiklash va navbatdagi majlisini o‘tkazish bo‘yicha taklifni ilgari surishdi. Shuningdek, elchi janoblari Eron tomoni O‘zbekiston hududida transport infratuzilmasi sohasidagi loyihalar bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanligini qayd etib o‘tdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldilar.