O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida transport sohasini islohot qilishga bag‘ishlangan videokonferentsiya shaklida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Bir qator davlatlarda avtomobil orqali yuk tashish cheklanganligi sababli yuk tashishning asosiy qismi temir yo‘l kommunikatsiyalari orqali amalga oshirilayotganligi munosabati bilan pandemiya sharoitida respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan temir yo‘l transporti sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida xalqaro yuk tashuvlarining umumiy hajmi 17,8 mln tonnani (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110%) tashkil etdi.
Qabul qilingan chora-tadbirlarga qaramasdan, ushbu sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolar dolzarb bo‘lib qolayotganligi ta’kidlandi: monopolizmning yuqori darajasi va raqobat muhitining yetishmasligi, tariflarni belgilashning shaffof bo‘lmagan tizimi, yuqori operatsion xarajatlar, xizmatlarni raqamlashtirishning past darajasi, yetkazib berishda tez-tez ro‘y berayotgan uzilishlar va boshqa omillar.
Parvozlar jo‘g‘rofiyasini kengaytirish va yuk hajmini oshirishning qoniqarsiz dinamikasi, shuningdek, yagona rivojlanish strategiyasining va keyingi islohotlarni amalga oshirishning aniq yo‘nalishlari mavjud emasligi kuzatilayotgan aviatsiya sohasida ham yuzaga kelgan vaziyat alohida muhokama qilindi. Bu holat joriy epidemiologik vaziyat tufayli joriy yilning birinchi yarmida yo‘lovchi reyslar hajmining keskin tushib ketishi va milliy aviatashuvchi daromadlarining sezilarli darajada pasayishi bilan murakkablashmoqda.
Ushbu sohada ham yechimi O‘zbekiston aviatsiya sohasining investitsion jozibadorligini oshirish va raqobatbardoshligini ta’minlash uchun zarur shart hisoblangan muammoli masalalar aniqlandi, jumladan, aeroportlar o‘tkazish quvvatining yetishmasligi, xizmatlar rivojlanishining past darajasi, mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan aviatsiya texnik mahsulotlari va tovar-moddiy qiymatliklarni import qilishda fuqaro aviatsiyasi korxonalarining harajatlari shuningdek, boshqa mamlakatlarga nisbatan texnik xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i quyish mahsulotlariga o‘rnatilgan yuqori narxlar.
Amalga oshirilgan ishlar va ushbu yo‘nalishlarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan tegishli idoralar rahbarlarining hisobotlarini ko‘rib chiqish natijalari asosida temir yo‘l transporti va fuqaro aviatsiyasi sohalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatmalar berildi.
Xususan, Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga milliy temir yo‘l tizimini tubdan isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Konsepsiyada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, transport jarayonlarini takomillashtirish va tarif siyosatining shaffofligini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish va ish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida temir yo‘l tashuvlariga xususiy operatorlarni jalb etish choralari nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, Transport vazirligi, “Uzbekistan airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ rahbarlariga tariflarni optimallashtirish, xizmatlar sifatini oshirish, yuk tashishni rivojlantirish va tegishli infratuzilmani zamonaviylashtirish, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi sohasida davlat-xususiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.