Transport vazirligida Belarus Respublikasining “Minsk avtomobil zavodi” OAJ vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Transport vaziri o‘rinbosari v.b D.Dexkanov «MAZ» OAJ bosh direktori o‘rinbosari S.Shulyak bilan uchrashuvda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli modeldagi avtobuslarni O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
«MAZ» OAJ bosh direktori o‘rinbosari Sergey Shulyak O‘zbekiston bilan yo‘lovchi tashish sohasini rivojlantirish yo‘lida yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bunda kompaniya imtiyozli moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatishning to‘liq tsikli (moliyalashtirish, mahsulotlarni yetkazib berish va servis xizmatlari ko‘rsatish) yo‘nalishida ishlashga tayyorligini bildirdi.
-Kompaniya O‘zbekiston bozoriga turli hajmdagi va modifikatsiyadagi avtobuslar, elektrobuslar hamda aeroportlar uchun peron avtobuslarni yetkazib berishga tayyor va bu borada hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor,- dedi Sergey Shulyak.
Transport vaziri o‘rinbosari v.b Davron Dexkanov avtotransportda yo‘lovchi tashish sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda mavjud avtobus parkini yangilash o‘ta muhim masala ekanligini qayd etib o‘tdi. Boshqa tarmoqlardan farqli ravishda bugungi kunda avtotransport sohasida xususiy sektorning ulushi 80 % tashkil etadi. Viloyatlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatayotgan korxonalarda esa o‘rta sig‘imli avtobuslar xarid qilish bo‘yicha talab yuqori.
Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda tomonlar yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarni «MAZ» korxonasining mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldi.