Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport vazirligida BAA elchisi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi

Chop etish Sahifani ulashish
16.11.2021 5345 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi elchisi janob Said Matar Al Qamziy bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuv avvalida Transport vaziri Ilhom Mahkamov so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotganligini alohida qayd etib o‘tdi. Xususan, aviatsiya xizmatlari bozorini liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida so‘nggi uch yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Flydubai, Air Arabia-Sharja va Air Arabia-Abu Dhabi kabi aviakompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirib kelganligi, shuningdek, Wizz Air-Abu Dhabi loukost aviakompaniyasiga O‘zbekistonning tegishli xalqaro aeroportlariga muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqi berilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarga muvofiq bugungi kunda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga jami 18 ta, oyiga 74 tani tashkil etmoqda.

O‘z navbatida elchi janoblari xorijiy davlatlarning aviatsiya ma’muriyatlari bilan kelishgan holda havo qatnovlari sonini oshirish, yangi yo‘nalishlarda parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Transport vazirligi tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning yanada rivojlanishi har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Flydubai aviakompaniyasining Dubay–Toshkent yo‘nalishidagi parvozlari sonini haftasiga 7 marotabaga yetkazish to‘g‘risidagi masala yuzasidan fikr almashildi. Vazir va elchi janoblari ushbu masala atrofida yuzaga kelgan holatni atroflicha muhokama qildi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakat aviatsiya bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng raqobat muhitini yaratish, ochiq bozor tamoyillariga amal qilinishini ta’minlash o‘zining birinchi galdagi vazifasi ekanligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida yuqoridagi masala O‘zbekiston va BAA aviatsiya ma’muriyatlarining navbatdagi uchrashuvida hal qilinishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Elchi, o‘z navbatida, ikki mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasidagi munosabatlar faqatgina aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi kelishuvlariga muvofiq hal etilishi hamda ushbu jarayonlarga biror-bir aviakompaniya vakillarining bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.