O‘zbekiston aeroportlarining Aviatsiya-logistika forumi — UAALF 2020 dunyo aviakompaniyalari, loukosterlari hamda sayyohlik tashkilotlari uchun juda katta tajriba almashish imkoniyatini taqdim etdi. Mazkur tadbir mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi va turizmni samarali rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Zamonaviy dunyoda insoniyat uchun fuqaro aviatsiyasining ahamiyati nihoyatda katta. Bugungi hayotimizni ushbu sohasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Harakat tezligi, minimal vaqt oralig‘ida kerakli joyda bo‘lish imkoniyatini aynan aviatsiya ta’minlaydi. Shu bilan birga parvoz davomidagi kafolatlangan qulaylik va ko‘satilayotgan servis xizmatlarining rang-barangligi sababli ham aviatsiyaga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Masalan bugungi kunda dunyo bo‘ylab yo‘lovchi tashish ulushining 82 foizi, yuk tashuvlarining 14,7 fozi, pochta jo‘natmalarining 3,3 foizi aynan aviatsiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Fuqaro aviatsiyasi sohasida yillik o‘sish tendentsiyasi 5-7 foizni tashkil etmoqda. Ekspertlar fikricha 2025 yilgacha yo‘lovchi oqimi har yili 4-6 foizga oshib boradi.
Turizm odamlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib qo‘yish bilan bog‘liq. Mazkur jarayonda esa qulaylik va tezlik kabi bir qator omillar muhim ahamiyatga ega. Shu jihatning o‘ziyoq xalqaro turizm rivojida aviatsiyaning ahamiyati qay darajada ekanligini yaqqol namoyon etadi. Parvoz davomida qulaylik darajasi va tezlik ko‘rsatkichlarining ortishi hamda xavsizlik omillari turli mamlakatlarda sayyohlar oqimining ortishiga olib keldi. Aynan shuning uchun ham sayyohlik firmalari sohasining rivojlanishida aviatsiya transporti bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi bilishadi. Aynan ushbu jarayonga esa aviakompaniyalar ham katta qiziqish bildirishadi. Bugungi kunda ushbu ikki soha taraqqiyotini bir-biridan alohida tasavvur etib bo‘lmaydi.
Yurtimizda ikki soha taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar
Bugun O‘zbekistonga kelish uchun 86 mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim joriy etildi. 57 davlatdan keladigan mehmonlar ikki kun ichida elektron viza olishi mumkin. Bir davlatdan boshqa davlatga tranzit yo‘li bilan o‘tayotgan yo‘lovchiga O‘zbekistonda vizasiz 5 kun qolishi uchun ruxsat bor. Bu xorijlik yo‘lovchilarga yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida turizmni jadal taraqqiy ettirish orqali 2025 yilda yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 7 million nafarga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga etkazish lozimligini ta’kidlab o‘tgan edi.
Bu marrani zabt etishda esa yurtimiz aviatsiya sohasi va umuman transport infratuzilmasini yaxshilash, mazkur yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablari darajasiga etkazish juda muhim. Aytib o‘tish lozimki, so‘nggi uch yilda aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga etdi.
O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshiriayotgan xorijiy avia kompaniyalar
«Aerologic», «Al Masriya», «Asiana Airlines», «China Southern Airlines», «Fly Dubai», «Kam Air», «Korean Air», «Lufthansa Cargo», «Turkish Airlines», «Zagros Airlines», «Zhejiang Loong Airlines Co. Ltd», «Aeroflot», «Rossiya», «Sibir», «Ural Airlines», «Utair», «Yakutiya», «IrAero», «Nord Wind», «Red Wings», «Air Astana», «Azal», «Somon Air».
Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Barchaga ma’lumki 2019 yilning oktyabr oyida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalariga ajratildi.
Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktyabrь oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida «beshinchi havo erkinligi» tartibini qo‘llagan holda, “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi.
Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalaga oshirishni tashkil etish yuzasidan «Turkish Airlines», «Israir Airlines», «Garuda», «Aeroflot», «IrAero», «Sibir», «Yakutiya», «SCAT» va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krsanoyarsk, Olmota, Nur-Sulton, Aqtau yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Bugun Transport vazirligi oldiga mamlakatimiz butun transport tarmog‘i, shu jumladan aviatsiyada tub o‘zgarishlarni amalga oshirishda aniq maqsad va vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, aeroportlar infrastrukturasi, uchish-qo‘nish yo‘laklari, yo‘lovchi terminallari holati va u yerda xizmat ko‘rsatish standartlari bo‘yicha yaqin kelajakda hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar turibti.
Aynan aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha joriy yilda qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruktsiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruktsiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi. Ushbu chora tadbirlar esa o‘z navbatida xorijiy aviatashuvchilar o‘rtasida mamlakatimiz aviatsiya sohasi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur forumda O‘zbekistonning aviatsiya sohasiga investorlarni jalb qilish, mintaqaviy aeroportlarni davlat-xususiy boshqaruviga o‘tkazish, aeroportlarda logistika markazlarini joriy qilish masalalari ko‘rildi. Shuningdek, xorijiy tashuvchilar uchun maqbul sharoitlarni yaratish va bu orqali yangi aviatsiya marshrutlarni yo‘lga qo‘yish, yangi aviakompaniyalarni tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Aviatsiya va turizm o‘zaro foydali hamkorlikdir. Ikki tarmoq taraqqiyoti bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Aynan sayyohat qilish uchun talabning ortib borishi aviatsiya infrastrukturasi rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan xalqaro aviatsiya forumi esa ushbu jarayonning muhim tadbirlaridan biri bo‘lib qoladi.