Bugun, 2024-yil 27-dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod shahrida mamlakatlarimizni yagona temir yo‘l liniyasi bilan bog‘laydigan "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘l magistrali qurilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tarixiy voqea mintaqada iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish va uch mamlakat o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilashga qaratilgan eng yirik infratuzilma loyihalaridan birini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Marosimda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikalari, xalqaro tashkilotlar va temir yo‘l ma’muriyatlari vakillari ishtirok etdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov marosimni ochar ekan ushbu lahzaning Markaziy Osiyo kelajagi uchun tarixiy ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi:
"Yangi temir yo‘l liniyasi Yevroosiyo qit’a ko‘priklarining janubiy bo‘g‘ini bo‘lib, Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga yo‘l ochadi. Ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, shu jumladan Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi," - dedi Sadir Japarov.
Sadir Japarov, shuningdek, ushbu muhim loyihani amalga oshirishdagi hissasi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi uchun Xitoy va O‘zbekiston hukumatlariga minnatdorlik bildirdi.
Ochilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida loyihaning muhim jihatlariga e’tibor qaratdi:
"Ushbu yirik infratuzilma loyihasi yuqori ekologik me’yorlarga rioya qilgan holda, ilg‘or muhandislik, innovatsion va raqamli yechimlar asosida keng hamkorlikni nazarda tutadi. "Qashqar - Torug‘art - Makmal - Jalolobod - Andijon" yo‘nalishi bo‘ylab 20 ta bekat, 42 ta ko‘prik va 25 ta tunnel quriladi. Buning ustiga, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar barpo etiladi. Bizning yo‘nalishimizda yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnagacha yetadi.
Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddatlari bir necha ming kilometrga va qariyb bir haftaga qisqaradi. Muntazam yo‘lovchi tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi. Kelajakda ushbu temir yo‘l liniyasi va Transafg‘on yo‘lagining tutashtirilishi Xitoy, Markaziy va Janubiy Osiyoning transport-kommunikatsiya aloqadorligini samarali bog‘lash va mustahkamlash imkonini beradi."
Prezident shuningdek, loyihaning barcha ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi va O‘zbekistonning uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini ta’kidladi:
"O‘zbekiston temir yo‘l qurilishining barcha bosqichlarida mavjud barcha texnik va intellektual resurslarni to‘liq ishga solgan holda faol ishtirok etish niyatida. Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ushbu transport yo‘lagi mustahkam do‘stligimiz, sherikligimiz va taraqqiyotimizning yana bir ramziga aylanadi. Muhtaram hamkasblarimga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblariga va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoyevich Japarovga loyihani ilgari surishdagi shaxsiy hissasi va faol sa’y-harakatlari uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman."
Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan XXR Raisi Si Szinpin nomidan Xitoy Xalq Respublikasi Rivojlanish va islohotlar davlat qo‘mitasi raisi Chjen Shansze so‘zga chiqdi:
"Tranzit temir yo‘l qurilishi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaning gullab-yashnashi va barqarorligiga ko‘maklashish maqsadida uch mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilingan strategik qarordir. Bu uch mamlakat xalqlarining strategik loyihani amalga oshirishga bo‘lgan samimiy intilishlarini aks ettiradi. Bugungi qurilish marosimi loyihaning loyihalashtirish va rejalashtirish bosqichidan amalga oshirish bosqichiga o‘tishini anglatadi, bu qurilishni yakunlash va temir yo‘lni foydalanishga topshirish yo‘lidagi muhim qadamdir."
Temir yo‘l qurilishining 2030-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda, shundan so‘ng u to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi va Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida uzluksiz transport aloqasini ta’minlaydi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasi bo‘yicha ma’lumot:
Ma’lumki, 2024-yil 6-iyun kuni Pekinda XXR Hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li loyihasini birgalikda ilgari surishda hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolangan edi. Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi, Qirg‘iziston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan imzolangan 2023-yil 18-maydagi loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini qabul qilish to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq "Qashqar - Torug‘art - Makmal - Jalol-Obod - Andijon" yo‘nalishining kombinatsiyalangan shakli tasdiqlandi.
"Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘l loyihasining umumiy uzunligi - 532,53 km. 20 ta temir yo‘l stansiyasi (ikkita istiqbolli), shu jumladan 2 ta chegara stansiyasi, 1 ta qayta yuklash stansiyasi, 4 ta oraliq stansiya va 13 ta razyezd qurilishi rejalashtirilgan. Umumiy uzunligi 16,06 km bo‘lgan 42 ta ko‘prik, umumiy uzunligi 103,63 km bo‘lgan 27 tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ko‘prik va tunnellarning umumiy uzunligi 119,69 km ni, ularning umumiy uzunlikka nisbati esa 39,3 %ni tashkil qiladi.