2023-yil 6-iyul kuni poytaxtimizdagi Event Hall majmuasida bo‘lib o‘tayotgan “Sheriklik tashabbuslari haftaligi” doirasida “Yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari – iqtisodiy o‘sishining asosiy tamoyili” hamda “O‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish: dolzarb takliflar va yechimlar” mavzularda panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Maxkamov, Tojikiston Respublikasi transport vaziri Azim Ibrohim, Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev, Latviya Respublikasi transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Uldis Reymanis, TRASEKA Bosh kotibi Aset Asavbayev, YETTBning Bosh bankiri Aleksandr Tatyanin, Jahon banki mutaxassisi Garsio Navvaro, USAIDning “Markaziy Osiyoda savdo” loyihasi transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Ayjan Beyseeva, UBC biznes-klublari assotsiatsiyasi prezidenti Vesselin Xalachyev, “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasining loyihalar menejeri Innokentiy Zagumenov, TAV Technologies kompaniyasining Amerika, Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Aytan Mastalieva, “ATR” kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Jeromi Gabori, Bougues consruction” kompaniyasi tijorat direktori Olive Klyuzen ishtirok etdi.
Mazkur panel sessiyalari ishida Qozog‘iston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Latviya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Avstriya kabi davlatlardan 50 dan ortiq xorijiy mehmonlar bevosita qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida O.Ramatov so‘nggi yillarda mamlakatimiz transport tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mintaqada transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishning asosiy muammolari va ularning yechimi yuzasidan hamkorlikdagi sa’yi-harakatlarning ahmiyatini alohida ta’kidladi.
“Biz Yevroosiyo mintaqasining barcha yo‘nalishlari bo‘ylab xalqaro multimodal tashuvlar va transport koridorlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. O‘zbekiston uchun Yevropa, Kavkaz va Osiyoning barcha mamlakatlari bilan tashqi savdo sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish juda muhimdir. Bugun, biz "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" va "O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston" temir yo‘l liniyalarini qurish loyihalarini amalga oshirishga har qachongidan ham yaqinroqmiz. Xususan, “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish ishlari yakunlandi”, dedi – bosh vazir o‘rinbosari.
“Shuningdek, Hind okeani portlariga chiqish imkoniyatini ta’minlaydigan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l liniyasining qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda. Aralash transport turlaridan foydalangan holda MDH mamlakatlaridan O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston orqali Hind okeanining portlariga chiqish yo‘li bilan, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mamlakatlaridan Qirg‘iziston – O‘zbekiston orqali Sharqiy Yevropa va Janubiy Osiyo mamlakatlariga yangi koridorlar shakllanmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida biz butun Yevroosiyoni qamrab oladigan istiqbolli transport yo‘laklari shakllanishining boshida turibmiz”, – deya ta’kidladi O.Ramatov.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Maxkamov transport infratuzilma loyihalari, sohani raqamlashtirish hamda muqobil transport koridorlarini tashkil etish va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ilhom MAXKAMOV, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri:
— Bugungi kunda ham Sharqdan G‘arbga, Janubdan Shimolga olib boradigan transport magistral yo‘llari aynan O‘rta Osiyoda kesishmoqda. To‘g‘ri ishlab chiqilgan transport siyosati nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo, balki umuman Yevroosiyo qit’asi iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi. So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda xalqaro yuk tashuvlarining barqaror o‘sish sur’ati kuzatilib, o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 8% ni tashkil etdi.
Xalqaro vaziyatning tez o‘zgarishi, geosiyosiy keskinlikning o‘sib borishi transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashish tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda har tomonlama va muvofiqlashtirilgan yondashuvni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan tashqi savdo va tranzit yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida Yevropa Ittifoqi va MDH davlatlaridan O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish imkoniyatiga ega yangi multimodal transport yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Transchegaraviy savdoni, shuningdek, MDH davlatlarining Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida “Termiz” xalqaro savdo markazi qurildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston bilan birgalikda O‘zbekiston–Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha salmoqli ishlarni olib bormoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokiston va Hindiston temir yo‘llariga, shuningdek, Arabiston dengizi portlariga chiqadigan yangi va eng qisqa tranzit koridorlarini shakllantirish va yuk tashish vaqti va narxini 30-40% ga kamaytirish imkoniyati yaratiladi.
Uldis REYMANIS, Latviya Respublikasi transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari:
— Aynan Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro savdoni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni ta’minlashda transport va logistikaning o‘rni alohida. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida intermodal va multimodal transchegaraviy hamda tranzit transport xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish, shuningdek, Boltiq dengizi multimodal koridori orqali Yevropa Ittifoqidan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yetkazib berish zanjiri salohiyatini mustahkamlash va kengaytirish dolzarb vazifa. Aynan transport sohasidagi o‘zaro hamkorligimiz ushbu vazifani uddalashga xizmat qilmoqda.
Aleksandr TATYANIN, YETTBning Bosh bankiri:
— Bugungi kunga kelib YETTB umumiy investitsiyalari 12 mlrd AQSh dollaridan oshdi. Yil sari biz ushbu hajmning yarmini yashil energetika, yashil transport tizimi hamda yashil texnologiyalar bilan bog‘liq loyihalarga ajratmoqdamiz. Bizning maqsadimiz yashil loyihalar ulushini oshirishdan iborat. Aynan ushbu yo‘nalishda joriy yil “Samarqand - yashil shahr” (GCAP) harakat rejasi doirasida elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihaning birinchi bosqichini boshladik. Unga muvofiq Samarqand shahriga 100 dona elektrobuslar sotib olinadi. Loyihaning navbatdagi bosqichida esa yana 200 dona elektrobuslarni sotib olish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Uzbekistan airports” AJ bilan aeroport uskunalarini yangilash bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirmoqdamiz. Bugungi kunda YETTB umumiy portfelida O‘zbekiston investitsiyalar hajmi bo‘yicha 5 o‘rinda turibti. Keyingi yillar davomida biz kredit va grant mablag‘larini ajratgan holda investitsiyalar hajmini oshirishni maqsad qilganmiz.
Navvaro GARSIO, Jahon bankining transport sho‘basi moliya mutaxassisi
— O‘zbekistonda transportni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratilganidan juda mamnunmiz va ishonchli hamkorligimizni davom ettirishga tayyorligimizni bildiramiz. Transport vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan aloqalarni kuchaytirish tarafdorimiz va ularning ochiqligini ta’minlashda yordam bermoqchimiz.
Innokentiy Belyakov-ZAGUMENOV, “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasining loyihalar menejeri
— Biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtingizni barqaror rivojlantirish hamda uning jahondagi nufuzini oshirish, shuningdek, transport-logistika tizimini yaxshilash borasidagi keng ko‘lamli islohotlardan xabardormiz. Mazkur islohotlar tufayli O‘zbekiston iqtisodiyotining izchil o‘sishi transport-kommunikatsiya kompleksini jadal rivojlantirishni talab etmoqda.
Temir yo‘l infratuzilmasi murakkab va kapital talab qiluvchi tizim bo‘lib, dastlabki qo‘shma loyihalarimizdan biri — “Angren-Pop” temir yo‘l liniyasini qurish va elektrlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli loyiha Farg‘onani Toshkent viloyati bilan bog‘lash imkonini berdi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida mazkur loyiha doirasida MDHda o‘ziga xos — uzunligi 19 kilometrdan ortiq bo‘lgan temir yo‘l tunneli barpo etildi. “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasi mutaxassislari murakkab tog‘li hududlarda tunnel qurishda ilg‘or uslub va texnologiyalarni qo‘lladi. Ushbu loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasi bilan turli infratuzilma obyektlarini qurish bo‘yicha hamkorligini mustahkamladi. Natijada 2019–2021 yillarda Toshkent shahri qurilishi bo‘yicha loyihalar birgalikda amalga oshirildi. Ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 437 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan “Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva” liniyasini elektrlashtirish ishlari birgalikda bajarilmoqda.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi tufayli O‘zbekistonning turizm salohiyatini oshirish, tranzit yo‘laklari o‘tkazish imkoniyatini oshirish va havoga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish mumkin. Loyiha yakuniga yetgach, tezyurar poyezdlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu esa yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha qatnov vaqtini 7 soatga (hozir 18 soat) qisqartiradi.
Bu loyihalarning barchasi O‘zbekiston va mintaqaning jadal rivojlanishiga mamlakatingiz va Germaniya kompaniyalarining samarali o‘zaro manfaatli hamkorlikdagi sa’y-harakatlari orqali erishish mumkinligini tasdiqlaydi. Shubhasiz, transport sohasidagi islohotlar natijalari O‘zbekiston temir yo‘llari va butun transport tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi. Bu esa mamlakat taraqqiyoti va yashash sifatini oshirishga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Tilek TEKEBAYEV, Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri:
— Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida faol ishlar olib borilmoqda. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish borasidagi ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Aynan transport-infratuzilmaviy kommunikatsiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarini jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu ma’noda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasining amalga oshirilishi Markaziy Osiyoni yaxlit logistika xabiga, ya’ni jahonning muhim bozoriga aylantirishga hissa qo‘shadi.
Tadbir davomida xorijlik mutaxassislar har bir mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida hal qiluvchi o‘rinni egallagan transport sohasida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, o‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish yuzasidan dolzarb takliflar ilgari surildi.
Mazkur yo‘nalishda yangi transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar alohida e’tirof etildi.