Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

YANGI OʼZBEKISTON VА FRАNSIYA: TRАNSPORT TА'LIMI - IMKONIYATLАR INTEGRАSIYASI

Chop etish Sahifani ulashish
11.10.2021 4800 Yangiliklar

 

Oʼzbekiston va Fransiya oʼrtasida turli sohalarda, jumladan oliy taʼlim yoʼnalishida hamkorlikning yoʼlga qoʼyilishi, ilm-fan taraqqiyotida mushtarak istaklarni amalga oshiruvchi maydon kengayotganligi transport taʼlimi sohasida ham katta istiqbolga ega ekanini koʼrsatmoqda. 2021 yil 7-8 oktyabr kunlari oʼtkazilgan “Oʼzbekiston – Fransiya oliy taʼlim muassasalari forumi”ni transport taʼlimining jahon taʼlim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashuv hisobiga mutaxassislar, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega boʼldi.

Forumning ilk kuni Fransiyaning Yevropa va Tashqi ishlar vazirligi Oliy taʼlim va tadqiqotlar boshqarmasining universitetlararo ilmiy hamkorlik boʼlimi boshligʼi Martin Russel xonim boshchiligidagi delegasiya ishtirokida yalpi yigʼilish boʼlib oʼtdi. Ikki davlat elchixonasi vakillari, qator vazirliklar rahbariyati, ikki davlat oliy taʼlim muassasalarning rektorlari, soha prorektorlari, taʼlim sohasidagi mutaxassislar qatnashgan yigʼilishda Oʼzbekiston-Fransiya oliy taʼlim sohasi integrasiyasi va innovasiyalarni tatbiq etish masalasi koʼrib chiqildi.

Xalqaro forum oʼz ishida Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Аbduraxmanov Fransiya Fuqaro aviatsiya milliy maktabi ENAC vitse Prezidenti Nikolas Kazalis (Nikolas СAZALIS) bilan uchrashdi. Oʼzbekiston va Fransiya oliy transport taʼlim muassasalari rahbarlari oʼzaro hamkorlikni yoʼlga qoʼyish barobarida dolzarb masalalarni toʼgʼridan-toʼgʼri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilish imkoniyatiga ega boʼldi. Muloqotlar yakunida ikki davlat transport oliy taʼlim muassasalari oʼrtasida transport ilm-fani sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish yuzasidan shartnoma imzolandi.

Forumning ikkinchi kuni Toshkent davlat transport universiteti Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektori Baxodir Turaevning “Oʼzbekiston va Fransiya munosabatlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishning yangi davri” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi. Maʼruzada davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan transport taʼlimini rivojlantirish konsepsiyasini toʼliq va samarali amalga oshirishda hamkor xorijiy taʼlim muassasalari, jumladan Fransiya oliy taʼlim muassasalarining ahamiyati atroflicha tahlil qilindi.

Yakunlangan forum kelgusida transport taʼlimi va ilm-fani sohasida xalqaro hamkorlikni yoʼlga qoʼyish va kelishuvga erishish uchun yangi imkoniyatlarni berdi.