Mehr-muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan tushunchalardir. Xayr-saxovat, saxiylik kabi ushbu go‘zal fazilatlar insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, jamiyatda esa o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi.
Bugun mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamiyatda o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirish, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ham faol ishtirok etmoqda. “Mahallabay” ishlash tizimi doirasida kam ta’minlangan, moddiy yordamga muhtoj oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Kuni kecha “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani “Gulsanam”, “Katta Qorasuv”, “Katta Oltintepa” va “Sho‘rtepa” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan tanlab olingan bir nechta oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
“Bunday xayrli ishlarni kelgusida ham davom ettiramiz. Ijtimoiy yordamga muhtoj boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda ko‘makga muhtoj hamyurtlarimiz e’tibordan chetda qolmasligi uchun butun jamoamiz bilan qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz”, - dedi Transport vazirligi birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi F.Narxodjaev.