Joriy yilning 14 dekabrь kuni Toshkent shahar hokimligida poytaxtning veloyo‘laklarga bo‘lgan ehtiyoji va yo‘llarning imkoniyati muhokama etildi.
2018 yilda Germaniyalik mutaxassislar ilk bor Toshkentga kelib bu masalada o‘rganishlar olib borishgan edi.
Shundan so‘ng Planungsbüro VAR+ byuro xodimlari bir necha oy mobaynida o‘z tahlillari va birlamchi takliflarini ishlab chiqishdi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shahar hokimining o‘rinbosari B.Rahmankulov va Toshkent shahar transport boshqarmasi mutaxassislari namoyish etilgan takliflar bilan yaqindan tanishib, o‘zaro suhbat davomida veloyo‘laklarni qurish bilan birga OTM, idora va tashkilotlar, vokzallar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uy-joylar, metro bekatlari, hiyobonlar atrofiga veloturarjoylar qurish, qurilajak veloyo‘llarning bolalar harakati uchun ham xavfsiz bo‘lishi shu bilan birga bu yo‘llar uzluksiz bo‘lishini ta’minlash lozimligi ham ta’kidlab o‘tildi.
Shahar markazi to‘liq velosiped haydovchilari uchun qulay bo‘lishi har jihatdan muhim. Qolaversa bu ekologiya va salomatlik uchun ham juda foydali.
— "YXHT va Toshkent shahar hokimligining kelishuviga asosan bu erda veloyo‘llar qurish kontseptsiyasi va veloshering faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biz bu borada o‘z loyihamizni ishlab chiqamiz va o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan uni yanada takomillashtiramiz. Kuzatishlarimiz O‘zbekistonda velosiped va avtomobilь haydovchilar o‘rtasida o‘zaro hurmatni shakllantirish kerakligini ko‘rsatdi bu borada ham o‘z takliflarimiz bor” - deydi, Planungsbüro VAR+ kompaniyasi rahbari Uve Petri.
Fevralь oyida taqdim etiladigan loyihaga bugundan start berildi va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmankulov bu borada har qanday yordamga tayyorligini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Germaniyaning Planungsbüro VAR+ loyihalashtirish byurosi 2000 yildan buyon veloko‘chalar va veloshosselar qurish bilan shug‘ullanadi.
Byuro mutaxassislari Germaniyaning Drayayx shahrida eng uzun veloko‘chaning loyihasini yaratishgan va uning qurilish jarayonida ishtirok etishgan.
Manba: Toshkent shahar hokimligi rasmiy sayti